Oʻzbekiston va Germaniya mutaxassislari chorva ozuqasini yetishtirishda hamkorlikni mustahkamlamoqda

Bugun Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Germaniya Federativ Respublikasi qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va mintaqaviy identifikatsiya federal vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Iqlimga moslashtirilgan chorva ozuqasini yetishtirish” dasturi doirasida uchrashuv tashkil etildi.

Milliy markaz direktori, akademik Shodmon Namozov va germaniyalik ekspert-maslahatchilar Ekkehard Schreder va Herald Stefani oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda dastur­ning 2024–2026 yillarga moʻljallangan vazifalari, amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalar muhokama etildi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy taʼlim muassasalari hamda fermer xoʻjaliklari bilan hamkorlik ishlari tahlil qilindi.

Muhokamalarda mamlakatimizda ozuqa birligi yuqori boʻlgan ekinlar seleksiyasini takomillashtirish va urugʻchiligini tashkil qilish masalasi asosiy mavzu boʻldi. Akademik Shodmon Namozov germaniyalik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan loyihaga yuqori baho berib, hamkorlikni yangi loyihalarda yuqori bosqichga olib chiqish taklifini bildirdi. Jumladan, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi mavjud ilmiy-tadqiqot institutlarining koʻpchiligida ozuqaviy ekinlar seleksiyasi bilan shugʻullanishi, ilmiy muassasalarga qarashli ilmiy-tajriba stansiyalarida tajribalar oʻtkazilishi hamda olingan ijobiy natijalar asosida Milliy markaz tizimidagi 35 ta elita urugʻchilik xoʻjaliklarida ozuqa ekinlarining yuqori avlodli urugʻliklarini yetishtirish imkoni mavjudligi taʼkidlandi.

Ushbu taklif germaniyalik hamkorlar tomonidan ijobiy qabul qilindi. Shundan soʻng ekspertlar Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Mahmudbek” fermer xoʻjaligida Germaniyadan keltirib ekilgan ozuqabop ekinlar tajriba maydonida olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, ularni ijobiy baholadilar. Shuningdek, dastur doirasida fermer xoʻjaliklari va taʼlim muassasalarida amalga oshirilayotgan tajribalar, maxsus uskunalar — silos tayyorlash mashinalari va mobil infraqizil nurli spektrometrlar (NIRS)dan samarali foydalanish jarayoni yuqori baholandi.

Uchrashuvda moliyalashtirishning samarali yoʻnaltirilishi, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarurligi qayd etildi. Shu bilan birga, dekabr oyida oʻtkaziladigan “Milliy urugʻchilik kuni” konferensiyasida dastur­ning faol ishtirokini taʼminlash masalasi qoʻllab-quvvatlandi.

Qabul qilingan qarorlarga koʻra, Toshkent viloyatida amaliy oʻquv-seminar tashkil etish, chorva ozuqasini tahlil qilish ishlarini kengaytirish, fermerlar bilan koʻrgazmali mashgʻulotlar oʻtkazish hamda Germaniyaning Bundessortenamt tizimini oʻrganish boʻyicha study tour dasturini tayyorlash belgilandi.

Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda oʻtib, dastur­ning Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligidagi ahamiyati va uning natijalarini keng targʻib qilish zarurligi taʼkidlandi.

Прокрутить вверх