Oʻzbekiston va Eron olimlari qishloq xoʻjaligida hamkorlikni mustahkamlaydi

blank

Bugun Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Eron Islom Respublikasining Ozod islom universiteti Guliston viloyati filiali rektori Seyed Ali Taheri boshchiligidagi delegatsiya va Markaz direktori oʻrinbosari Oybek Amonov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv avvalida Oybek Amonov mehmonlarga Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda tizimdagi ilmiy muassasalarning oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalar, amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy ishlar va yoʻnalishlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Suhbat davomida tomonlar qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, bilim va innovatsiyalar almashinuvi, kadrlar salohiyatini oshirish hamda qoʻshma ilmiy loyihalarni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Uchrashuv chogʻida Seyed Ali Taheri Ozod islom universiteti faoliyati haqida maʼlumot berdi. Ma’lum qilinishicha ushbu universitet Erondagi eng yirik xususiy oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitetning mamlakat boʻylab va xorijdagi filiallarida yuz minglab talabalar tahsil olishi ta’kidlandi. Shuningdek, universitet olimlari tomonidan barcha sohalar ayniqsa, qishloq xo’jaligi ilmida yuqori ilmiy-innovatsion texnologiyalar yaratayotganligi hamda soha uchun tejamkor qurilmalar ixtiro qilinayotganligi qayd etildi.

Mehmonlar uchrashuv davomida kadrlar malakasini oshirish, talabalar uchun qishloq xoʻjaligi sohasida maxsus kurslar tashkil etish, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilikni rivojlantirish, dorivor giyohlarni parvarishlash va agrar sohada yuqori texnologiyalarni qoʻllash yoʻnalishlarida hamkorlik qilish taklifini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikni amalga oshirish maqsadida anglashuv memorandumi imzolashga kelishib oldilar.

Прокрутить вверх