Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi qoshidagi laboratoriya xodimlari Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida bilim va malakasini oshirmoqda.
Malaka oshirish jarayonida ular zamonaviy laboratoriyalarda olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlar, in vitro usulida kartoshka urug‘ligini ko‘paytirish jarayonlari, meva-sabzavotchilikda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha yangi tajribalar bilan tanishmoqda.
Shu bilan birga, nav sinovchilar Ummon Sultonligidagi Atyab International Services kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini xalqaro darajada sertifikatlovchi zamonaviy laboratoriya faoliyatini ham o‘rganmoqda.
Bundan tashqari, ular Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan professor-o‘qituvchilarning maruzalarini tinglab, ish jarayonida qo‘llash uchun yangi bilim va ko‘nikmalar orttirmoqda.
Barcha ishlar nav sinovchilarning zamonaviy talab va standartlarga mos bilim va malakasini rivojlantirish, navlarni sinash, tahlil qilish va ishni samarali tashkil etishga qaratilgan.


