Bugun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari uchun amaliy va nazariy bilimlarni uyg‘unlashtirgan seminar-trening tashkil etildi. Tadbir Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamkorligida, AKIS tizimi tuman va hududiy mutaxassislari ishtirokida o‘tkazildi.
Seminar-treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad — agrar soha mutaxassislarining malakasini oshirish, hududlarda qishloq xo‘jaligi xizmatlarini zamonaviy asosda tashkil etish hamda ilmiy-nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir ikki bosqichda tashkil etildi. Uning dastlabki qismi Yuqori Chirchiq tumanidagi “Mahmudbek” fermer xo‘jaligi dalasida o‘tkazilib, unda ishtirokchilar xo‘jalik yer maydonida tashkil etilgan namoyish maydonchasida parvarish qilinayotgan 100 turdan ortiq yem-xashak ekinlarini yetishtirishning agrotexnik usullari, ekin turlarini tanlash va shu sohadagi dolzarb jihatlar bilan bevosita tanishdilar.
Seminarning nazariy qismi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida davom ettirildi. U yerda ishtirokchilarga zootexnika va veterinariyada zamonaviy yondashuvlar, yemish (ozuqa) ekinlarini yetishtirish agrotexnologiyalari, chorva mollari to‘g‘ri oziqlantirish va ratsion tuzish, oziq-ovqat sifati va tahlil usullari haqida taqdimotlar qilindi.
Seminar-treningda Germaniyadan tashrif buyurgan malakali mutaxassis Anton Van Engelen ishtirok etib, Yevropada qo‘llanilayotgan innovatsion agrotexnologiyalar va chorva oziqlantirish tizimlari haqida ma’lumot berdi. Uning fikricha, O‘zbekistonda mavjud iqlim va tuproq sharoitida xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun ekologik barqaror yondashuvlar nihoyatda dolzarb hisoblanadi.
Seminarda tuman va viloyat miqyosidagi fermerlar, agronomlar, veterinariya xodimlari, maslahatchilar hamda sohaga oid mutaxassislar faol ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi amaliy-ta’limiy tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi mutaxassislarning malakasini oshirish, sohada zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish va o‘zaro tajriba almashuvini kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi.



