Moshni to‘g‘ri parvarish qilyapsizmi?

Mosh — oziq-ovqat sifatida alohida o‘ringa ega qimmatli dukkakli ekin sanaladi. Undan tayyorlangan turli taomlar nafaqat mazali, balki juda foydalidir. Masalan, mosh protein va vitaminlarga boyligi bilan tana uchun muhim hisoblanadi. Shuningdek, u tuproqni azot bilan boyitib, keyingi ekinlar uchun ham unumdorlikni oshiradi.

Ayni kunlarda takroriy ekin sifatida ekilgan mosh gullash fazasiga o‘tmoqda. Xo‘sh, siz uni qanday parvarish qilyapsiz? Mosh qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lsa-da, parvarishda to‘g‘ri agrotehnikaga amal qilinmasa, hosil kutilgandek bo‘lmasligi mumkin.

Biz sizga moshning o‘suv davrida unga qanday e’tibor berish kerakligi haqida ilmiy asoslangan tavsiyalarni havola etamiz.

Sug‘orish

Mosh yetishtirishda asosiy qoida — ekishdan oldin yerni yaxshilab sug‘orish va urug‘ni tuproqning yetarli namiga ekish. Shunda urug‘ yaxshi unib chiqadi va ildiz tizimi yaxshi rivojlanadi.

O‘sish davrida mosh ko‘p sug‘orilmaydi.

Agar gullash fazasida tuproq namligi keskin kamayib ketsa, bir marta engil sug‘orish kifoya qiladi.

Suv me’yoridan ortiq berib yuborilsa, poyasi g‘ovlab ketadi, hosildorlik kamayadi va don sifati pasayadi.

🌿 Oziqlantirish

Mosh — azot yig‘uvchi dukkakli o‘simlik, shuning uchun azotli o‘g‘itni ko‘p talab qilmaydi.

Biroq qo‘shimcha ozuqa yaxshi samara beradi:

Fosfor (P₂O₅): 150–200 kg/ga (sof modda hisobida).

Kaliy (K₂O): 80–120 kg/ga.

Azot (N): faqat boshlang‘ich o‘sish davrida 30–40 kg/ga. Keyin ko‘p berilsa, barg ko‘payadi, lekin don kamayadi.

O‘g‘itni ikki bosqichda berish maqsadga muvofiq: yarmini ekilganda, qolganini gullash oldidan.

Qo‘shimcha parvarish

Qator oralarini begona o‘tlarni yo‘qotish uchun 1–2 marta kultivator bilan ochish kerak.

Barg bitlari va trips kabi zararkunandalar kuzatilsa, insektitsidlar bilan ishlov berish tavsiya etiladi.

Hosilni yig‘ib olish: dukkaklarning 70–80 foizi pishib yetilgandan so‘ng yig‘ishtirish kerak. Aks holda to‘liq pishgan mosh chaqilib ketib, yo‘qotishlar ko‘payishi mumkin.

Прокрутить вверх