
Bugun Milliy markazda kun tartibidagi bir qator masalalar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Dastlab, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan, Xitoy Xalq Respublikasining Yanlin qishloq xo‘jaligida yuqori texnologiyalar namoyish hududi tajribasi asosida Milliy markaz ta’sischiligida tashkil etilayotgan Qishloq xo‘jaligida yuqori agrotеxnologiyalar agrotехnoparki – maxsus sanoat zonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yishning tashkiliy masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, ushbu Agrotехnopark «Yanlin» xalqaro qishloq xo‘jaligi kompaniyasi boshqaruvida bo‘lib, 25 yil muddatga faoliyat yuritadi va zaruratga ko‘ra uzaytirilishi mumkin. Loyihaning asosiy yo‘nalishlari sifatli urug‘chilik va yuqori hosildor ekinlarni yetishtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda zamonaviy texnologiyalarni, xususan, dronlardan foydalanish orqali qishloq xo‘jaligini avtomatlashtirish va bu borada maxsus o‘quv markazini tashkil etishdan iborat. Yig‘ilish davomida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shundan so‘ng, Milliy markaz tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan olib borilayotgan «Xonadonbay» ilmiy loyihalarining joriy holati, ularni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan mas’ullarning axboroti tinglandi. Milliy markaz rahbari Shuhrat Otajonov ushbu loyihalarning muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlab, mamlakatimiz agrar sohasidagi ilmiy natijalarning bevosita aholi tomorqalariga tatbiq etilishi zarurligini qayd etdi. Bu esa aholining dehqonchilik samaradorligini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish so‘nggida ilmiy-tajriba stansiyalarida ekin ekishga ko‘rilgan hozirlik masalalari ham muhokama qilindi. Ayrim ilmiy-tajriba stansiyalaridagi holat keskin tanqid qilindi. – Agrar sohaning ilmiy muassasalari fermer va dehqonlar uchun har tomonlama ilmiy manba bo‘lishi lozim. Buning uchun tizimdagi ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari va ularning tajriba stansiyalari mas’ullarida, avvalo, vazifasiga nisbatan mas’uliyat va temir intizom bo‘lishi shart. Rahbarlar berilgan topshiriqni o‘z vaqtida va lozim darajada bajarishlari kerak. Aks holda, qat’iy choralar ko‘ramiz, zarurat tug‘ilsa, lavozimga layoqatlilik masalasini ham ko‘rib chiqamiz, – dedi Shuhrat Otajonov.
Yig‘ilishda kun tartibidagi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.


