Mahalliy g‘o‘za navlarini genetik takomillashtirishda xorij navlari imkoniyatlari ishga solinmoqda

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tarkibidagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasida mahalliy g‘o‘za navlarini sho’rga, ko‘sak qurti, gerbitsidga chidamli va sifatli tola beradigan navlarga aylantirish maqsadida ilmiy izlanishlar amalga oshirilmoqda.

Ayni maqsadda Xitoy seleksiyaga mansub, XinLuZao 78 navidan foydalanilgan holda chatishtirish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Genetik jihatdan o‘zgartirilgan mazkur nav Bt geni asosida ko‘sak qurti va gerbitsidga chidamlidir. Bu esa uni istiqbolli duragaylar yaratishda muhim donor sifatida ishlatishga imkon bermoqda.

Hozirgacha olib borilgan ishlar doirasida 1256 ta g‘o‘za guli bekkross usulida changlatildi. Shuningdek, 5 ta mahalliy nav bilan reciprok chatishtirish — ya’ni to‘g‘ri va qaytma yo‘nalishlarda changlatish ham amalga oshirilib, 956 ta g‘o‘za gulida changlanish muvaffaqiyatli bajarildi.

Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasi olimlarining asosiy maqsadi — XinLuZao 78 navining foydali genlarini Xorazm viloyatining tuproq-iqlim sharoitiga moslashgan, sho’rga va qurg’oqchilikka chidamli mahalliy g‘o‘za navlariga o‘tkazish orqali serhosil navlar yaratishdir. Bundan tashqari, go’zaning Hindiston seleksiyasiga mansub ko’sak qurti va sho’rga chidamli “NECH-6” gibridi ham sinovdan o’tkazilmoqda. Bu esa kelajakda sho‘rga chidamli navlar yaratilishining hisobiga Xorazm sharoitida sho‘r yuvishni kamaytirish va har qatrası bebaho bo‘lgan suvni tejash, agrotexnik tadbirlar xarajatini qisqartirish hamda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini beradi.

Ravshan Karimov,
Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasi direktori.

Прокрутить вверх