Germaniya Federal Oziq-ovqat va Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligidagi “Germaniya–O‘zbekiston mutaxassislar muloqoti” dasturi doirasida iqlim o‘zgarishlariga mos yem-xashak ekinlarini tanlash va urug‘chilikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Lalmikor DITI Arpa va yem-xashak ekinlari seleksiyasi hamda urug‘chiligi laboratoriyasida jo‘xorining (Sorghum) mahalliy 1 ta va xorijiy 8 ta nav hamda duragaylari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Tadqiqotlarda nav va duragaylarning o‘suv davri davomida turli biometrik ko‘rsatkichlari, shuningdek, ho‘l va quruq biomassa hosildorligi o‘rganilmoqda. Eng asosiysi — lalmikor sharoitida nav va duragaylarning issiqlik hamda qurg‘oqchilikka chidamliligi bo‘yicha ilmiy tahlillar amalga oshirilmoqda.
O‘rganilayotgan nav va duragaylar ichida don uchun mo‘ljallangan Masiya navi hamda ko‘k massa uchun yaratilgan Susu duragayida o‘simlik bo‘yi, biomassa to‘plashi va qurg‘oqchilikka chidamlilik bo‘yicha yuqori natijalar qayd etildi.

