
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlar institut faoliyatini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, ilmiy salohiyatni oshirish va qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga amaliy foyda keltiruvchi innovatsion ishlanmalarni joriy etishga qaratilgan.
Islohotlar doirasida institut binolari va infratuzilmasi to‘liq rekonstruktsiya qilinadi, shuningdek, zamonaviy laboratoriya uskunalari xarid qilinib, ilmiy-tadqiqot faoliyatining texnik bazasi yanada mustahkamlanadi. Bu esa olimlar va tadqiqotchilar uchun qulay ish sharoitlari yaratish hamda ilmiy natijalarning sifatini oshirish imkonini beradi.
Mazkur tashabbus Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ini rivojlantirish xalqaro strategik markazi (ISCAD) tomonidan amalga oshirilayotgan “Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida ilgari surilmoqda.


Shu munosabat bilan, loyiha maslahatchisi Amir Malik, loyiha menejeri Gasanov Ramil, va qurilish loyihachisi Samanov Salohiddin boshchiligidagi bir guruh mutaxassislar institut faoliyatini o‘rganishdi. O’rganishlar davomida mavjud sharoitlar, ilmiy yo‘nalishlar va infratuzilma holatini ko’zdan kechirdi, kelgusidagi islohotlar va amalga oshiriladigan tadbirlar yuzasidan batafsil muhokama o‘tkazildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu islohotlar natijasida Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti qishloq xo‘jaligi ekinlarining birlamchi urug‘chiligini yetishtirish borasida yetakchi ilmiy markazlardan biriga aylanishi, ilmiy ishlanmalar esa bevosita amaliyotga tatbiq etilishi kutilmoqda.
Mazkur tashabbuslar natijasida nafaqat institutning ilmiy salohiyati, balki O‘zbekistonning barqaror qishloq xo‘jaligi rivoji va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi imkoniyatlari ham yanada kengayadi.