Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish kun tartibida bir qator muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, dissertatsiya natijalarining amaliyotga tatbiq etilganligini tasdiqlashga oid murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Kengash a’zosi Ikromjon Qoraboev o‘z ma’ruzasida: “Markazga jami 82 ta dissertatsiya ishi natijalarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Shundan 70 tasining hujjatlari va ma’lumotnomalari to‘liq bo‘lgani uchun joriy etish ma’lumotnomasi berish tavsiya etildi. 12 ta talabgor esa hujjatlari to‘liq bo‘lmaganligi va ilmiy natijalari asoslanmaganligi sababli rad etildi”, — deya ma’lumot berdi.
Shuningdek, davlat maqsadli dasturlari doirasida taqdim etilgan mavzular yuzasidan ham fikr almashildi.
Yig‘ilishda “Tuproq unumdorligini va qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshiruvchi samarali va mahalliy ekologik xavfsiz biopreparatning ta’sirini o‘rganish” loyihasining yakuniy hisobotini tinglandi. Shu bilan birga, maqsadli amaliy loyihani moliyalashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidan o‘rin olgan ilmiy tavsiyanomani chop etishga tavsiya qilish va ilmiy kengashlar tarkibini tasdiqlashga oid takliflar muhokamasi bo‘ldi.
Shu bilan birga, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotеxnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining viloyatlardagi tajriba stansiyalarida mahalliy g‘o‘za navlarini genetik takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari tinglandi.
Yig‘ilish yakunida barcha masalalar yuzasidan atroflicha muhokama o‘tkazilib, tegishli qaror va tavsiyalar qabul qilindi.









