Isroil elchisi bilan qishloq xo‘jaligida innovatsion hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

blank

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Isroil davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Gideon Lustig tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov va elchi o‘rtasida samimiy va mazmunli muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida Shuhrat Otajonov markazning asosiy maqsad va vazifalari, xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar hamda erishilgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Muloqot davomida Markaz huzurida Xitoyning «Yanlin» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan agrotexnopark va uning oldiga qo‘yilgan vazifalar, shuningdek, agrar ilm-fan sohasida dunyoda yetakchi o‘ringa ega agrokorporatsiyalarni rezident sifatida jalb etish shartlari muhokama qilindi. Elchi Gideon Lustig mazkur yirik loyihaga katta qiziqish bildirdi va hamkorlik bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi.

Shuningdek, elchi Isroilning Xalqaro taraqqiyot hamkorlik agentligi — MASHAV (The Agency for International Development Cooperation) bilan hamkorlikni kuchaytirishni taklif etdi. Ta’kidlash joizki, MASHAV — qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi qator sohalarda rivojlanayotgan mamlakatlar bilan tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirishga ixtisoslashgan agentlik bo‘lib, qishloq xo‘jaligi uning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biridir. Elchi tomonidan ilgari surilgan ushbu taklif markaz faoliyatini rivojlantirish va xalqaro aloqalarni mustahkamlash uchun muhim imkoniyat sifatida e’tirof etildi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish, suv resurslaridan samarali foydalanish kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida elchi Gideon Lustigga markaz hududida in-vitro usulida virus va bakteriyalardan xoli kartoshka urug‘lari tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek, paxta yetishtirishda qo‘llanilayotgan zamonaviy agrotexnologiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuv iliq va ishonchli ruhda o‘tib, kelgusida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.

blank
blank
Прокрутить вверх