Ismaloq darmondorilarga boy, qishdan so‘ng organizmga quvvat beradigan o‘simlik sanaladi. Hozir esa uni ekishning ayni vaqti. Bugun “toqsonbosti” usulida ismaloq ekkan tomorqachi erta ko‘klamda nafaqat vitaminga boy mahsulot iste’mol qilishi, balki undan barakali daromad ham topishi mumkin. Quyida uni yetishtirish haqida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan tayyorlangan tavsiyani e’tiboringizga havola qilamiz.
Ismaloq bir yillik o‘simlik bo‘lib, ildiz bo‘g‘zidan 8–10 ta bargdan iborat tupbarg va o‘tsimon tik poya chiqaradi. Ismaloqning respublikada faqat bitta – Nafis navi Davlat reyestriga kiritilgan.
Ismaloq o‘simligi sovuqqa chidamli sabzavotlar qatoriga kirib, urug‘i 3°C haroratda ko‘karib chiqadi. Yash o‘simliklari 6–8°C gacha sovuqqa bardosh beradi. Haroratning yuqori bo‘lishi va havo namligining pasayib ketishi o‘simlikka salbiy ta’sir qiladi, barglari mayda bo‘lib qoladi. Ismaloq hosili nihollar paydo bo‘lganidan 25–40 kundan so‘ng yig‘ib olinadi.
Respublika hududlarining tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda ismaloqni toqsonbosti usulida: janubiy viloyatlarda 1–30 dekabr oralig’ida, markaziy viloyatlarda 15 — noyabrdan – 15 dekabrgacha, shimoliy viloyatlarda esa 1- noyabrdan 1- dekabrgacha ekish tavsiya etiladi.
Ismaloq sabzavot seyalkalari bilan qo‘sh qatorlab, lentalar orasi 50–60 sm va qatorlar orasini 15–20 sm qilib, gektariga 15–20 kg urug‘ 2–3 sm chuqurlikka ekiladi.
Ismaloq urug‘i sepilgandan so‘ng maydon sug‘orilmaydi. Barcha agrotexnik tadbirlar bahorda boshlanadi. O‘suv davrida parvarish qilish ishlari ekinni sug‘orish, qator orasini yumshatish va begona o‘tlarni o‘tashdan iborat bo‘lib, oziq-ovqatga ishlatiladigan ismaloq yagona qilinmaydi.
Ismaloq 5–6 ta barg chiqargandan boshlab kesilib yoki yulinib, hosili bir necha marta yig‘ib olinadi. Gulpoya chiqarilganda hosil terilmaydi. Ismaloqning hosildorligi gektariga o‘rtacha 120–150 ts/ga tashkil etadi.
