
Bugun Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Islom taraqqiyot bankining Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiyot hamda ijtimoiy infratuzilma bo‘yicha vakili Biola Kazeem Badmos va markaz direktori o’rinbosari Oybek Omonov o’rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida, Oybek Omonov mehmonga Milliy markaz hamda uning tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar va ustuvor yo‘nalishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ekinlarning serhosil va kasalliklarga chidamli navlarni yaratish, ilmiy-tadqiqot institutlari salohiyatini oshirish hamda xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar kelgusida qishloq xo‘jaligi innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va ularni xalqaro moliyaviy institutlar ishtirokida amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot institutlari infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy laboratoriyalar bilan jihozlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldilar.
Mazkur muloqot Milliy markaz hamda Islom taraqqiyot banki o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va qishloq xo‘jaligida xalqaro tajriba almashinuvini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.



