

Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida Germaniya Federal oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligining “Barqaror va iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Germaniya–O‘zbekiston ekspertlar muloqoti – iqlimga chidamli yem-hashak ekinlari va ularning urug‘chiligi tizimini takomillashtirish” dasturi doirasida amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbir “Iqlim o‘zgarishiga chidamli siderat ekinlarni sinash va tuproq unumdorligini oshirish” mavzusiga bag‘ishlandi.
Seminar davomida iqlim o‘zgarishlari sharoitida qishloq xo‘jaligida tuproq unumdorligini saqlash, siderat ekinlardan samarali foydalanish, shuningdek, oraliq ekinlar yordamida agroekotizimni barqarorlashtirish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar muhokama qilindi.



Institutning tajriba maydonida oraliq (siderat) ekinlarni ekish ishlari amalga oshirildi. Mutaxassislar bu orqali ekinlarning iqlim sharoitiga moslashuvchanligini baholash hamda kelgusida ularning urug‘chilik tizimini rivojlantirish bo‘yicha tajriba-sinov ishlarini boshlashni maqsad qilganlar.
Mazkur tadbir O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, barqaror va iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishidagi amaliy qadam sifatida ahamiyatlidir.