Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori, akademik Shodmon Namozov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda ilmiy faoliyatda kuzatilayotgan kamchiliklar, ilmiy-tadqiqot institutlari boshqaruvida, xususan, ma’muriy-xo‘jalik faoliyatidagi o‘zboshimchalik kayfiyati mavjudligini tanqid qildi. Bu kabi muammolar Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida olib borilgan o‘rganishlar jarayonida ham aniqlangani ta’kidlandi.
Shodmon Namozov so‘zini davom ettirar ekan, bu kabi holatlar nafaqat Sholichilik institutida, balki tizimdagi boshqa ko‘plab ilmiy muassasalarda ham kuzatilayotganini aytib, bundan buyon bunday vaziyatlarga ko‘z yumulmasligi va qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, xalqaro loyihalar hisobidan xorijda malaka oshirish borasida ham tanqidiy fikr bildirilib, ko‘plab holatlarda bu safarlar tajriba orttirishdan ko‘ra oddiy sayohatga aylanib qolayotganiga e’tibor qaratildi.
Qayd etilishicha, global iqlim o‘zgarishi sharoitida barcha turdagi qishloq xo‘jalik ekinlari uchun turli omillarga chidamli, serhosil va resurs tejamkor navlarni yaratish bugungi kunda soha olimlari oldida turgan ustuvor vazifadir. Bunday murakkab vazifalarni hal etish esa yuqori ilmiy salohiyat va intizomni talab etadi.
Shundan so‘ng tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Qishloq xo‘jaligi vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, shu paytgacha Qishloq xo‘jaligi vazirligining Don va dukkakli ekinlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan Mansurov Abdullo Ma’rufovich ilmiy muassasa jamoasiga yangi direktor sifatida tanishtirildi.
Yig‘ilish yakunida navbatdagi vazifalar ijrosi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, tegishli topshiriqlar berildi.


