Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatiga oid bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Dastlab dissertatsiya natijalarining amaliyotga tatbiq etilganligini tasdiqlash bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar muhokama qilindi va tegishli bo‘limlar rahbarlari tomonidan axborot berildi. Shuningdek, akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Ilmiy kengashlar faoliyatining yangilangan tarkibini tasdiqlash bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilishda, shuningdek, Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutidan kelib tushgan murojaati asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, ilmiy darajaga ega rahbar xodimlarga lavozim maoshiga qo‘shimcha haq to‘lash masalasi ko‘rib chiqildi va bu borada tegishli qaror qabul qilindi.
Kengash muhokamasida yana bir muhim masala — ilmiy tavsiyanomani chop etishga tavsiya etish bo‘ldi. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti olimlari tomonidan tayyorlangan “Samarqand viloyati sharoitida hashaki lavlagi yetishtirish texnologiyasini takomillashtirish” mavzusidagi ilmiy tavsiyanoma ko‘rib chiqildi.
Ushbu tavsiyanoma Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining “Meva-sabzavot va dorivor o‘simliklar sohasida ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish bo‘limi” boshlig‘i, katta ilmiy xodim G. Parpiyev hamda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy kotibi F. Rasulov tomonidan taqriz qilingan bo‘lib, har ikki taqriz ijobiy baholandi va tavsiyanoma chop etishga tavsiya etildi.
Yig‘ilish yakunida kengash a’zolari muhokama etilgan barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qildilar.




