
Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov boshchiligida Ilmiy-texnik kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda ilmiy-tadqiqot institutlarida olib borilayotgan tadqiqotlar, olimlarning duch kelayotgan muammolari va ularni hal etish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Kun tartibidan o‘rin olgan asosiy mavzulardan biri – qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyati, ilmiy izlanishlar samaradorligi va ilmiy natijalarning amaliyotga joriy etilishi bo‘ldi. Kengash davomida Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni faktlar asosida tanqid qilib, mas’ullarga qisqa muddat ichida ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Shuningdek, 2024-yil davomida qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutlarida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusi yilda bajarilishi rejalashtirilgan vazifalar belgilab olindi. Kengash ishtirokchilari ilmiy-tadqiqot institutlarining istiqbolli rejalarini taqdim etish orqali o‘z taklif va loyihalarini muhokama qilishdi.
Ilmiy-texnik kengashning asosiy masalalaridan biri sifatida xalqaro loyihalar va hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, xorijiy ilmiy markazlar bilan tajriba almashish hamda qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha ham aniq yo‘nalishlar belgilandi.
Kengash yakunida barcha mas’ullarga kelgusi yig‘ilishga qadar belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish topshirildi. Ushbu yig‘ilish qishloq xo‘jaligi ilm-fani va innovatsiyalarining rivojlanishiga yangi turtki berishi kutilmoqda.

