Ilmiy tajriba natijasi: mahalliy banan mevalari ta’mi ustunlik qilmoqda

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida “Drayver ilmiy loyihalar” doirasida tashkil etilgan navbatdagi davra suhbati tropik mevalarni in-vitro usulida ko‘paytirish orqali mahalliylashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Tadbir ishtirokchilari o‘zaro fikr almashib, ushbu biotexnologiyaning ilmiy va amaliy afzalliklari, shuningdek, iqtisodiy samaradorligi ustida batafsil to‘xtalib o‘tishdi.

Tadbirda akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Mevali ekinlar biotexnologiyasi laboratoriyasi mudiri Abdurahmon Allayarov “Introduktsiya qilingan tropik meva ekinlaridan banan va ananas o‘simliklarini in-vitro sharoitida mikrokloonal ko‘paytirish texnologiyasini ishlab chiqish hamda ko‘chatchiligini tashkil etish” mavzusida ma’ruza qildi.

Abdurahmon Allayarovning ta’kidlashicha, tropik mevalar — ayniqsa, banan va ananas — inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan vitamin va mikroelementlarga boy. Ulardan mahalliy iqlimga mos navlarni tanlab, in-vitro texnologiyasi orqali ko‘paytirish orqali mamlakatimizda meva yetishtirish salohiyatini oshirish mumkin.

Shuningdek, Abdurahmon Allayarovning fikricha, in-vitro mikrokloonal ko‘paytirish — bu nafaqat yuqori samarali biotexnologiya, balki oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik barqarorlik va seleksiya jarayonlarini tezlashtirishda muhim vositadir. Ayni paytda bananning Cavendish, G-9, Tropicana kabi navlari hamda ananasning tanlangan namunasi ustida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari loyiha doirasida olib borilayotgan ekspantlarni sterilizatsiya qilish, meristemalardan virusdan holi ko‘chatlar olish, ildizlantirish va issiqxona sharoitiga moslashtirish kabi bosqichlar bilan yaqindan tanishishdi.

Muhokama davomida tropik mevalarni — ayniqsa bananni — O‘zbekiston iqlim sharoitida yetishtirishdagi qiyinchiliklar, ularni mahalliylashtirishdagi ilmiy yondashuvlar va imkoniyatlar keng tahlil qilindi.

Ta’kidlanishicha, ayni vaqtda Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida banan yetishtirish yo‘nalishida jadal ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, Andijon, Toshkent, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida ham banan yetishtiruvchilar soni ortib bormoqda.

Shuningdek, dunyoda eng ko‘p banan yetishtiruvchi davlat — Hindiston ekani, hozirda tadbirkorlarimiz asosan o‘sha davlatdan banan ko‘chatlarini olib kelayotganliklari qayd etildi. Bu esa ko‘p xarajatlarni talab qilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, agar in-vitro texnologiyasi orqali banan ko‘chatlarini O‘zbekistonda yetishtirish yo‘lga qo‘yilsa, bu importga qaraganda ikki barobar arzon tushadi.

Shu kungacha institut tomonidan in-vitro usulida tayyorlangan 500 tup banan ko‘chati sinov tariqasida tadbirkorlarga yetkazib berilgan. Qiziqarli jihati shundaki, ushbu ko‘chatlardan olingan hosil ta’m jihatidan baholanganida, mevalarning Hindistondan keltirilgan navlarga nisbatan shirin ekani aniqlangan.

Tadbir yakunida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bo‘lim boshlig‘i G‘afurjon Parpiev ilmiy muassasada yetishtirilayotgan banan ko‘chatlarini tadbirkorlarga yetkazib berish, tijoratlashgan holda keng amaliyotga joriy etish bo‘yicha taklif berdi.

Прокрутить вверх