Bugun Milliy markazda navbatdagi “Doktorantlar kuni” bo‘lib o‘tdi. Tadbirda akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti doktorantlari ishtirok etdi. Ilk taqdimot akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti 2-bosqich tayanch doktoranti Sherzod Ro‘zmatov tomonidan amalga oshirildi. U o‘zining “Na’matak (Rosa canina L.) agrobiotsenozidagi asosiy zararkunandalar va ularga qarshi kurash tizimini ishlab chiqish” mavzusida olib borayotgan ilmiy ishidagi qo‘lga kiritgan natijalarini taqdim qildi.
Tadqiqotning maqsadi na’matak agrobiotsenozida zarar etkazadigan asosiy hasharotlarning morfo-biologik xususiyatlari, zarari va tur tarkibi, bioekologik xususiyatlari, tarqalishi va keltirib chiqaradigan zararini aniqlash asosida ularga qarshi kurashishning ilmiy asoslangan tizimini ishlab chiqishdan iborat. Mavzu dolzarb. Buni ekspertlar ham e’tirof etishdi, biroq taqdimotda keltirilgan faktlar asosan chet el adabiyotlaridan olingani tanqid qilindi.Tahlillardagi noaniqliklar aniq hisob kitoblar asosida tuzatilishi zarurligi qayd etildi.
Shundan so‘ng,seminar Don va dukkakli ekinlar ilmiy-taqdiqot instituti doktoranti Aysuluv Nurimbetovaning «Jo‘xorining o‘sib rivojlanishiga ekish muddati va mineral o‘g‘itlar me’yorining ta’sirini o‘rganish” mavzusidagi taqdimoti bilan davom etdi. Uning ilmiy ishida Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘rtacha sho‘rlangan o‘tloqi tuproqlar sharoitida jo‘xori yetishtirishning resurs tejamkor agrotexnikasini ishlab chiqish maqsad qilingan. Taqdimot yakunlangach, muhokama jarayonida ushbu doktorant ham ilmiy ish natijalari yuzasidan ekspertlar tomonidan berilgan savollarga tahlillarga asoslangan aniq javob berishga qiynaldi. Shu bois ekspertlar tomonidan ilmiy ish natijalarini qayta tahlil qilish vazifasi topshirildi. Seminar yakunida har bir taqdimot yuzasidan individual tahlil va takliflar berildi. Ilmiy tadqiqotlarda metodologik, xulosalarda dalillar bilan ishlash zarurligi ta’kidlandi.



