ICARDA: Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti innovatsion yechimlar markaziga aylanmoqda

ICARDA (Quruq mintaqalarda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi) tomonidan e’lon qilingan hisobotda ta’kidlanishicha, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimiga kiruvchi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti so‘nggi yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishgan.

Hisobotda qayd etilishicha, institut olimlari so‘nggi besh yilda 45 ta ilmiy va amaliy loyihani amalga oshirib, qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli, kasalliklarga bardoshli bug‘doy, arpa, no‘xat va yog‘li urug‘lik ekin navlarini yaratgan. Ular orasida “Tanho”, “Ixlos”, “Yagona”, “Shukrona”, “Zilol” va “Obod” kabi yangi navlar alohida samara bermoqda.

Institut direktori Diyor Jo‘rayev hisobotda keltirilgan fikrlarni izohlarkan, «Iqlim o‘zgarishi sharoitida suv tejaydigan texnologiyalar va chidamli navlar fermerlar manfaatlari uchun muhim. Biz yaratadigan har bir ilmiy ish dehqon dalasida foyda berishi kerak,” deydi.

ICARDA ma’lumotlariga ko‘ra, institutda xalqaro hamkorlik kengaytirilib, Innovatsiya platformasi tashkil etilmoqda. Bu tizim olimlar, fermerlar va davlat tashkilotlari o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yib, yangi yechimlarni tezkor tatbiq etish imkonini bermoqda.

Hisobotda 2023-yilda institut tomonidan fermerlarga 260 tonnadan ortiq elita bug‘doy urug‘i yetkazib berilgani qayd etilgan. Shuningdek, FAO va BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida joriy etilgan no-till (plugsiz) ekish texnologiyasi fermerlarga har gektarda o‘rtacha 100 AQSh dollarigacha tejamlilik imkonini bergan.

2024-yil davomida institut mutaxassislari 200 dan ziyod fermer va klaster vakillari uchun agrotexnologiya, biotexnologiya, urug‘chilik hamda suv tejash usullari bo‘yicha o‘quv-seminarlar tashkil etgani ham qayd etilgan.

— Qishloq xo‘jaligida ilm va amal uyg‘unligi — barqaror oziq-ovqat xavfsizligining garovidir. Qashqadaryo tajribasi O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham tatbiq etilishi mumkin,
—deya ta’kidlaydi hisobotda ICARDA eksperti Bubaker Dehibi.

Hisobot xulosasiga ko‘ra, Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan yaratilgan yangi navlar va texnologiyalar nafaqat ilmiy ahamiyatga, balki iqtisodiy samaradorlikka ham ega bo‘lib, ilm natijasi dehqon dalasida foyda bergan taqdirdagina haqiqiy natija sanaladi.

Прокрутить вверх