
Poytaxtimizda “Global iqlim o‘zgarishlari sharoitida sholi va dukkakli don ekinlarini yetishtirishning muammolari va yutuqlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi. Anjuman Milliy markaz tizimidagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti tonomonidan tashkil qilingan.



Anjumanni Qishloq xo‘jaligi vazirining xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nuriddin Qo‘shnazarov kirish so‘zi bilan ochdi. Shundan so‘ng, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori o‘rinbosari Oybek Omonov, Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi KOPIA markazi direktori Kim Jaehun hamda Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Abdulla Mansurov so‘zga chiqdi.
Ular sholichilikning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni va ahamiyati, sohada erishilayotgan yutuqlar hamda yechimini kutayotgan masalalar haqida fikr bildirdi.
Anjumanda 10 ga yaqin sholi yetishtiruvchi davlatlardan soha olimlari o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etmoqda. Ikki kun davom etadigan mazkur xalqaro anjumanda sholichilik, don va dukkakli ekinlarni yetishtirishdagi yutuq va muammolar muhokama qilinadi, yangi taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.


