Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida “Drajver ilmiy loyihalar” doirasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Genbank laboratoriyasi rahbari, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori R. Mavlyanova hamda institutning yetakchi olimlari ishtirok etdi. Suhbat davomida institutning so‘nggi yillarda olib borilayotgan ishlari, xususan, sabzavot va poliz ekinlari hamda kartoshkaning genetik resurslarini saqlash, rivojlantirish va innovatsiyalash bo‘yicha amaliy natijalar muhokama qilindi.
Asosiy mavzulardan biri — Genbank faoliyatida erishilgan natijalar bo‘ldi. 2024 yilda Genbankda 1248 ta nav namunasi saqlanayotgani, ular orasida xorijiy mamlakatlardan olib kelingan ko‘plab yangi navlar ham borligi ta’kidlandi. Shuningdek, yosh tadqiqotchilarni jalb etish va xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davra suhbatida “Drayver ilmiy loyihalar” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy yo‘nalishlar — masalan, ochiq maydonlar uchun yuqori hosildor va kasalliklarga chidamli pomidor navlari hamda romen salat navlarini yaratish bo‘yicha amaliy ishlar taqdim etildi.
Tadbirkorlar sabzavot, poliz ekinlari va kartoshka genetik resurslarini saqlashda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda mahalliy fermerlar va olimlar o‘rtasida tajriba almashuvini kuchaytirish zarurligini qayd etishdi.
Suhbat yakunida ishtirokchilar Genbank infratuzilmasini yanada takomillashtirish, elektron ma’lumotlar bazasini yaratish va kelgusida yangi ekspeditsiyalar orqali mahalliy va xorijiy nav namunalarini olib kelish rejalari bilan o‘rtoqlashishdi.



