Shu kunlarda mamlakatimiz dalalarida gʻoza pishib yetilmoqda. Oldimizda turgan eng muhim vazifa esa — barcha mehnat samarasi bo‘lgan paxta xom ashyosini o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olishdir.



Bu jarayonda gʻoza barglarini sunʼiy to‘ktirish, yaʼni defolyatsiya tadbirlarini tez va samarali o‘tkazish katta ahamiyatga ega. Chunki defolyatsiya o‘z vaqtida amalga oshirilsa, terim jarayoni yengillashadi, hosil sifati va yig‘im-terim surʼati oshadi.
Ayni maqsadda Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi tegishli ilmiy muassasalar olimlari – jumladan, Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti hamda Respublika agroxizmatlar (AKIS) markazi mutaxassislari yurtimizning barcha hududlarida faol ish olib bormoqdalar.



Olim va mutaxassislar agroklasterlar hamda fermer xoʻjaliklari gʻoza maydonlarida amaliy tavsiya va maslahatlar bermoqda. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida defolyatsiya tadbirlari uyushqoqlik va yuqori sifatda o‘tkazilishi paxta hosili o‘z vaqtida va yo‘qotishsiz yig‘ib olinishini taʼminlaydi.