Shu kunlarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Ozarbayjonda bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif doirasida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Italiya va Xorvatiya o‘rtasida funduk yetishtirish bo‘yicha xalqaro qo‘shma loyiha ustida kelishuvga erishildi.
Delegatsiya a’zolari Ozarbayjonning ilg‘or ilmiy-tadqiqot institutlariga tashrif buyurib, ularning faoliyati, olib borilayotgan ilmiy izlanishlar bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuvlarda xorijiy tajriba, ayniqsa funduk yetishtirishdagi zamonaviy yondashuvlar va navlar muhokama qilindi.
Natijada Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, akademik M.Mirzayev nomidagi Uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Ozarbayjon Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Mevachilik va choychilik” ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek Italiya hamda Xorvatiyaning tegishli ilmiy muassasalari bilan hamkorlikda Bo‘stonliq tog‘ ilmiy-tajriba stansiyasi hududida funduk bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida “Ata-baba”, “Galib” va “Sachagli” nomli navlar olib kelinib, ularni mahalliy iqlimga moslashtirish, ko‘paytirish va intensiv agrotexnologiyalar asosida parvarishlash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda ilk bor choy o‘simligini yetishtirishda hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Bu yo‘nalishda olib boriladigan tajriba va tahlillar choy yetishtirish bo‘yicha yangi ilmiy asoslar yaratish hamda bu mahsulotning mamlakatimiz iqlimiga moslashuvchanligini o‘rganishga qaratiladi.
Ushbu xalqaro hamkorlik loyihasi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yangi bosqichni boshlab beradi, deb ishonamiz.



