Koreya Respublikasi Qishloq, to‘qimachilik, chorvachilik va oziq-ovqat vazirligi (MAFRA) hamda Koreya Qishloq va suv xo‘jaligi korporatsiyasi (KRC) tomonidan amalga oshirilayotgan ODA (Official Development Assistance — Rasmiy taraqqiyot yordami) loyihasi doirasida, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS) va DICA (Dankook Institute of International Cooperation on Agricultur) tashkiloti direktori Li Don Jin hamkorligida Farg‘ona viloyatining Rishton va Bog‘dod tumanlarida amaliy maslahat tadbirlari tashkil etildi.
Tadbirda qalampir va bulg‘or qalampiri yetishtiruvchi 14 nafar fermer ishtirok etib, o‘z hovlilarida mutaxassislardan amaliy yo‘l-yo‘riqlar oldilar. Mashg‘ulotlar davomida o‘g‘itlash, sug‘orish, begona o‘tlarni yo‘qotish, kasallik va zararkunandalarga qarshi samarali usullar, shuningdek, hosil yig‘ish va quritishdagi ilg‘or texnologiyalar batafsil o‘rgatildi.
Mutaxassislar Koreya tajribasi asosida kasallik qo‘zg‘atuvchilarni aniqlash, to‘g‘ri kimyoviy vositani tanlash va uni xavfsiz qo‘llash bo‘yicha amaliyotlar o‘tkazdilar. Shuningdek, quritish jarayonida yo‘qotishlarni kamaytirish va qalampir kukuni sifatini oshirish yo‘llari ham ko‘rsatib berildi.
Fermerlar o‘quv mashg‘ulotidan katta taassurot oldilar. Ular o‘z fikrlarida bu bilimlar amalda ish berishiga ishonch bildirishdi, xususan, quritish va qayta ishlashda sifatni oshirish daromadni ko‘paytirishga yordam berishini alohida ta’kidladilar.
Bu o‘quv mashg‘uloti fermerlar salohiyatini oshirish, hosildorlik va mahsulot sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilayotgani qayd etildi.



