Eron kompaniyalari Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida

Shu kunlarda Eron Islom Respublikasining qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi bir qator kompaniyalari vakillari mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Tashrifning birinchi kunida mehmonlar Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Markaz direktori, akademik Shodmon Namozov kutib oldi. Shundan so‘ng Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi rahbariyati va mehmonlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Eronning “Sirang”, “Namino Group”, “Sabz Koosh”, “Sabzkoosh Negin”, “Beruzmart” va “Sirang UAV” kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori, akademik Shodmon Namozov delegatsiya vakillariga Markaz va uning faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. U o‘z so‘zida mazkur Markaz mamlakat agrar sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini muvofiqlashtirib borishi, shuningdek, Markaz huzuridagi Qishloq xo‘jaligida agroxizmatlar markazi (AKIS) orqali bilim va innovatsiyalar bevosita ishlab chiqarishga tatbiq etilishi natijasida samarali hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Muzokaralarda qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnika va innovatsion yechimlarni joriy qilish, ikki tomonlama hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Eron kompaniyalari vakillari uchrashuv doirasida o‘zlari taklif qilayotgan xizmat turlari, texnikalar va hamkorlik mazmunini taqdimotlar asosida bayon qildilar.

Kunning ikkinchi qismida dasturga muvofiq Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida delegatsiya a’zolari va agroklasterlar vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda mamlakatimizning barcha hududlaridan agroklasterlar vakillari ishtirok etdi. Ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda delegatsiya a’zolari agroklasterlar vakillariga o‘zlarining qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi faoliyatlari haqida taqdimotlar asosida batafsil ma’lumot berdilar.

Agroklasterlar vakillari uchun Eron kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan kichik qishloq xo‘jaligi texnikalari va agrodronlar mavzusi alohida qiziqish uyg‘otdi. Ular ushbu texnika va texnologiyalar borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita ishlab chiqaruvchilardan javob oldilar. Texnologiyalarni xarid qilish va bu boradagi hamkorlik yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hududida amalga oshirilayotgan loyihalar, zamonaviy laboratoriyalar va issiqxona faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

Muloqot yakunida delegatsiya a’zolaridan “Sirang” kompaniyasi direktori Sharifian Hadi Milliy markaz Axborot xizmati uchun intervyu berdi. Intervyuni keyingi postlarimizda e’lon qilamiz.

Прокрутить вверх