Yurtimiz bo‘ylab Ona Vatanimiz – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi keng nishonlanmoqda. “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan turli madaniy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mamlakatimizning barcha go‘shalarida yuksak shukuh bilan o‘tkazilmoqda.
Shu jumladan, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida ham “Eng aziz – eng ulug‘ bayram” arafasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Milliy markaz tizimidagi ilmiy muassasalar xodimlari, vazirlik va idoralar vakillari, taniqli olimlar hamda akademiklar ishtirok etdilar.
Dastlab yig‘ilganlarga mustaqillik yillarida qishloq xo‘jaligi sohasida erishilgan ulkan yutuqlar, qishloq mehnatkashlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va ilm-fanda qo‘llanilayotgan yangi yondashuvlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, mustaqillik tufayli sohada amalga oshirilgan tub islohotlar, milliy qadriyatlarimizni asrash va bunyodkorlik ishlari yuksak baholandi.
So‘zga chiqqan mutaxassislar va akademiklar mustaqillik bizga bergan eng katta ne’mat – erkin fikrlash, yangilik yaratish va Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shish imkoniyati ekanini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, yosh olimlar va izlanuvchilarning ilmiy faoliyati uchun yaratilayotgan keng sharoitlar, Milliy markaz tizimidagi muassasalar faoliyatida innovatsion loyihalarning tobora ko‘payib borayotgani ham e’tirof etildi.
Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan Milliy markaz tizimidagi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Oybek Amanov Milliy markaz rahbariyati tomonidan samimiy tabriklandi. Olimning kelgusidagi ilmiy faoliyatiga ham ulkan muvaffaqiyatlar tilandi.
Tadbir yakunida esa ishtirokchilar bir piyola choy ustida samimiy va mazmunli suhbatlar olib borib, o‘zaro fikr va tajribalar almashdilar.



