Ellikqal’ada urug‘chilikning zamonaviy texnologiyalari joriy etilmoqda

Xabar berganimizdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turgan qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Ellikqal’a tumanidagi “Amirobod jayroni” agroklasteriga qarashli Paxta-g‘alla urug‘chiligi innovatsion markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur markaz bir kunda 45–50 tonna paxta va g‘alla urug‘iga ishlov berish quvvatiga ega bo‘lib, ish jarayoni to‘liq xorij texnologiyasi asosida amalga oshiriladi.

🇨🇳Eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalar Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan. Har bir smenada 10 kishidan jami 30 nafar ishchi mehnat qiladi. Ishlab chiqarish yilning 12 oyi davomida uzluksiz olib boriladi, bu esa hududning agrosalohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Hozirda markaz hududdagi klasterlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida urug‘lik donlarni saralab, dorilab, qadoqlangan holda mijozlarga yetkazib bermoqda.

Yetkazib berilishdan oldin urug‘lar ikki kun tindiriladi. Qabul qilingan urug‘lik donlar esa yarovizatsiya jarayonidan o‘tkazish uchun muzlatgichli omborxonalarga jo‘natiladi.

Yarovizatsiya — urug‘larni maxsus harorat va namlik sharoitida qayta ishlash jarayoni bo‘lib, hosildorlik va urug‘ sifati sezilarli darajada oshadi. Shu tariqa, “Amirobod jayroni” agroklasteri hudud fermerlari hamda agrar soha tadbirkorlarini yuqori sifatli urug‘ bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Tashrif chog‘ida vazir markaz faoliyatini yuqori baholab, bunday ilg‘or texnologiyalar mamlakat qishloq xo‘jaligida samaradorlik va raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Прокрутить вверх