Don va dukkakli ekinlar bo‘yicha xalqaro konferensiyada innovatsion yechimlar muhokama qilindi

Milliy markaz tizimidagi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutida “Boshoqli don, dukkakli hamda yem-xashak ekinlarining yangi navlarini yaratish va yetishtirishda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yuqori saviyada tashkil etildi.

Dastlab, anjumaning amaliy qismi ilmiy muassasaning tajriba maydonida boshlandi. Ishtirokchilar so‘nggi yillarda yaratilgan bug‘doyning yangi navlari bilan tanishib, ularning hosildorligi, iqlim sharoitlariga moslashuvi va agrotexnik xususiyatlari haqida batafsil ma’lumot oldilar. Shu yerda institut direktori, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor Ravshanbek Siddiqlov ishtirokchilarga yangi navlarni yaratish va yetishtirishda innovatsion texnologiyalarning ahamiyati haqida tushuntirish berdi.

Anjumanning nazariy qismi esa institutning majlislar zalida davom etdi. Unda xorijiy va mahalliy olimlar, ekspertlar o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdi. Xususan, Rossiya Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, sharsimon bug‘doy navlarining muallifi Aleksandr Nikolaevich Borovik, Belarus Respublikasidan Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor, Belarus Milliy fanlar akademiyasi laureati Aleksandr Autko, shuningdek, FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mahalliy maslahatchisi Xayrullo Esonov o‘z ilmiy ishlanmalari va tadqiqot natijalarini taqdim etdilar.

Shuningdek, anjumanda onlayn platforma orqali xorijiy olimlarning ma’ruzalari tinglandi.

Xorijiy mehmonlar konferensiyani yuqori saviyada tashkil etilganini e’tirof etib, O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi yutuqlari va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar.

Tadbir yakunida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirishga oid kelishuvlarga erishildi.

blank
blank
blank
blank
Прокрутить вверх