Don va dukkakli ekinlar bo‘yicha ilmiy izlanishlar natijadorligi bilan tanishildi

blank

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi direktori Shuhrat Otjonov Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari natijadorligi bilan tanishdi.

U kuzgi bug‘doyning yangi navlarini yaratish, birlamchi urug‘chilik hamda yetishtirishning innovatsion va resurs tejamkor agrotexnologiyalari bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarni ko‘zdan kechirdi. Institutda shu kungacha 60 dan ortiq kuzgi bug‘doy navlari yaratilgan. Keyingi yillarda esa o‘ta tezpishar navlar yaratish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Kuzgi bug‘doyning o‘ta ertapishar navlarini ekin maydonlarida keng joriy etish orqali uning hosildorligini oshirish va yerlarning samarali foydalanish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, dukkakli ekinlarni yetishtirish orqali chorvachilik uchun ozuqa bazasini mustahkamlash maqsad qilingan. Ushbu tezpishar navlarning vegetatsiya davri 195-205 kunni tashkil etib, standart navlarga nisbatan 15-20 kunga qisqaradi. Bu esa bir gektarga 750-800 m³ suv tejash imkonini beradi.
Global iqlim o‘zgarishlari sharoitida bug‘doyning issiqlik mavsumiga qadar pishib yetishi hisobiga hosildorlik 15-20 sentnerga oshadi. Donning texnologik sifat ko‘rsatkichlari 10-15 foizga yaxshilanib, takroriy ekin sifatida dukkakli, moyli va ozuqa ekinlarini yetishtirish imkoniyati kengayadi. Bu esa bir maydondan yiliga ikki marta hosil olish imkonini beradi.

Shuningdek, dukkakli ekinlar – xo‘raki no‘xat, ko‘k no‘xat va yasmiqning yangi navlarini yaratish, birlamchi urug‘chilik va yetishtirish agrotexnologiyalari ham institutdagi tadqiqotlar doirasida o‘rganilmoqda. Soyaning 45 dan ortiq mahalliy va xorijiy navlari bo‘yicha ekologik nav sinovlari olib borilayotgani ham diqqatga sazovor.

blank
blank
blank
Прокрутить вверх