«Doktorantlar kuni»da taqdimotlar va tahlillar

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazida «Doktorantlar kuni» tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir yosh tadqiqotchilar uchun o‘z ilmiy ishlari natijalarini taqdim etish va ularni ilmiy jamoatchilik bilan muhokama qilish imkonini berdi.

Mazkur tadbir doirasida Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti Fayzullayev Abdulla Zohidjon o‘g‘li “O‘zbekistonning turli ekologik hududlarida qurg‘oqchilikka chidamli bug‘doy navlarini kompleks baholash va tanlashning agrobiologik va fiziologik asoslari” mavzusidagi ilmiy ishining ikkinchi yil hisobotini taqdim etdi. Ushbu tadqiqot O‘zbekistonning turli agroekologik sharoitlariga mos keluvchi, yuqori hosildor va qurg‘oqchilikka chidamli yumshoq bug‘doy navlarini aniqlashga qaratilgan. Tadqiqot davomida bug‘doyning fiziologik xususiyatlari, suv tanqisligi sharoitida o‘sish jarayoni va hosildorlikka ta’sir etuvchi omillar o‘rganilmoqda. Ilmiy ishning muvaffaqiyatli yakunlanishi mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, Milliy markaz tizimidagi akademik Mahmud Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti Yunusov Saddambek Shavkatbek o‘g‘li “Behi (Cydonia oblonga Mill.) mevasini saqlash va dastlabki ishlov berish jarayonini optimal tashkil etish orqali quritish texnologiyasini takomillashtirish” mavzusida taqdimot qildi. Ushbu ilmiy ish Farg‘ona vodiysi sharoitida «Izobilnaya», «Otlichnitsa», «Samarqandskaya», «Krupnoplodnaya» va «Olma behi» navlarini saqlash, dastlabki qayta ishlash va quritish texnologiyasini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan. Tadqiqot behining saqlanuvchanlik xususiyatlarini yaxshilash, uning oziq-ovqat sifatini saqlash hamda resurs tejamkor quritish texnologiyalarini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu nafaqat meva sanoatini rivojlantirish, balki eksport hajmini oshirishga ham xizmat qiladi.

Taqdimotlardan so‘ng, tadqiqot davomida olingan natijalar yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Ustoz olimlardan iborat ekspertlar guruhi ilmiy ishlarning dolzarbligini e’tirof etgan holda, tadqiqotchilarning olingan natijalarni to‘liq va yetarli darajada yoritib bera olmaganliklarini qayd etdilar. Muhokamalar jarayonida ilmiy ishning muvaffaqiyatli yakunlanishi uchun tadqiqot natijalarini chuqur tahlil qilish va ularni aniq ilmiy asoslar bilan mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Bu kabi tadbirlar yosh olimlarga o‘z ilmiy izlanishlarini takomillashtirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish va qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish imkonini beradi.

blank
blank
blank
blank
Прокрутить вверх