“Doktorantlar kuni” — ilmiy fikrlar va tanqidiy mulohazalar maydoni

blank

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida “Doktorantlar kuni”ga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Milliy markaz direktori o‘rinbosari Sohibjon Islomov kirish so‘zi bilan ochdi. U o‘z nutqida bunday seminarlar ilmiy izlanishlarni puxta tashkil etish, tahlil qilish va kelgusida dissertatsiyalarni muvaffaqiyatli himoya qilishda muhim bosqich ekanini ta’kidladi.

Seminarning dastlabki taqdimoti Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Xaliqulov Muzaffar Abdurazzoq o‘g‘li tomonidan amalga oshirildi. U “Universal ildiz-meva kovlagichni ishlab chiqish va parametrlarini asoslash” mavzusidagi ilmiy ish natijalarini taqdim etdi. Prezentatsiya davomida ishlab chiqilgan texnika vositasining konstruktiv xususiyatlari, dolzarbligi va qishloq xo‘jaligida samarali qo‘llanish imkoniyatlari yuzasidan chuqur muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Ekspertlar mazkur tadqiqotning dolzarbligini e’tirof etdilar. Biroq “yarq” etgan ilmiy yangilik ko‘zga tashlanmagani, shuningdek, ildiz-mevani yig‘ishtirib oladigan mavjud agregatlardan afzal jihatlarini doktorant yetarlicha tahlil qilib yoritmagani tanqidiy mulohazalarga sabab bo‘ldi.

Shuningdek, Zoom platformasi orqali Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining tayanch doktoranti Abdurahimov Umidjon Abdurashid o‘g‘li “Tritikaledan yuqori va sifatli don hosili yetishtirishda urug‘ ekish muddatlari va me’yorlarini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy ish natijalarini taqdim etdi.

Taqdimotda u tomonidan olib borilgan tajribalar, ekish muddatlari va me’yorlari bo‘yicha amaliy xulosalar berildi. Biroq ushbu ishga bag‘ishlangan taqdimotda ma’lumotlar o‘rtasidagi nomutanosibliklar va tahlillar yetarlicha chuqur o‘rganilmagani, ilmiy natijalar hali yetuk emasligi ekspertlar tomonidan tanqid qilindi.

— Fenologik kuzatuvlarda nazorat navga nisbatan farqlarni aniq ko‘rsatish zarur, — deya ta’kidladi Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i O‘lmasjon Sobitov.

Seminarning yakuniy qismida Milliy markaz direktori o‘rinbosari Sohibjon Islomov quyidagi fikrlarni bildirdi:

— Har bir ilmiy ishning muvaffaqiyatli yakunlanishi ilmiy-tadqiqot institutining salohiyatini oshirib, uning yuziga aylanishi kerak. Aks holda, bu ishlar faqat ilmiy daraja olish ilinjida qilinayotgan hoyu havas bo‘lib qoladi. Biz bunday holatlarga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz. Chunki davlat bizdan yuqori samarador ilmiy ishlanmalarni kutmoqda. Buni har bir ilmiy muassasa rahbari, mas’ullar va doktorantlar chuqur his qilib anglashlari zarur!

blank
blank
blank
Прокрутить вверх