Dehqon uchun qulay texnika ixtiro qilindi

Yetilgan kartoshkani tez yig‘ishtirib olish dehqon uchun shirin tashvishlardan biri. Biroq hosilni qo‘lda kovlash ancha-muncha vaqt va xarajatni talab qiladi. Ayniqsa, takroriy ekilgan kartoshkani qish-qirovli kunlarga qoldirmasdan yig‘ib olish uchun maxsus uskunadan foydalanish ham vaqtni, ham naqdni tejaydi. Boz ustiga bu uskuna kartoshkani kovlab hech bo‘lmaganda qoplamaganda ham uyub ketsa bormi bu dehqon uchun katta imkoniyatda. Endi dehqonlar ana shunday agregatga ega bo‘lishlari mumkin. Sababi Milliy markaz tizimidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Jo‘shqin Egamov ana shunday uskunani ixtiro qilgan. Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida bo‘lib o‘tgan navbatdagi “Doktorantlar kuni”da bu haqida ma’lum qildi. U “Energiyatejamkor kartoshka kovlagichga silindrsimon elevator uyumlagich ishlab chiqish va parametrlarini asoslash” mavzusida olib borgan tadqiqoti natijalari yuzasidan ekspertlar huzurida taqdimot qildi.

Taqdimotchining ta’kidlshicha, mavjud kartoshka kovlagichlar ko‘p hollarda tuproqni samarali elay olmasligi va kartoshkani tarqatib yuborishi amaldagi katta muammo hisoblanadi. Egamov ixtiro qilgan yangi qurilma esa kartoshkani kovlab uyumiga to‘plab berishi bilan ajralib turadi. Bu jarayon kartoshka tuganaklarining shikastlanishini 3%dan kamga tushirish, mehnat sarfini 11,7%ga qisqartirish, yoqilg‘i sarfini 24,8%ga tejash imkonini berdi. Natijada, yangi uskuna kartoshka yig‘im-terimida yuqori samaradorlikka erishish imkonini yaratadi. Ushbu ixtiro kartoshka yetishtiruvchi fermerlar uchun hamyonbop va resurs tejamkor yechim sifatida katta ahamiyatga ega. Bu albatta, doktorant tomonidan tadqiqot yuzasidan bildirilgan fikrlar. Tadqiqotning mavzusi ham ilmiy yangiligi ham dolzarb! Negaki, bozorni import qilingan texnikalar egallayotgan bir paytda o‘zimizning olimlar ixtiro qilgan resurs tejovchi texnikalardan foydalansak nafaqat ro‘zg‘orimiz balki mamlakat iqtisodiyoti uchun ham naf. To‘g‘ri tadqiqotda yosh olim yo‘l qo‘ygan kamchiliklar ham bor. Buni qilni qirq yorishga ilmi yetadigan ustoz olimlar taqdimotdagi tahlillardan bir zumda aniqlashdi. Aniqlangan kamchiliklarni tuzatish uchun yosh olimga zarur taklif va tavsiyalar ham berishdi.

«Doktorantlar kuni»ning tartibiga ko‘ra bitta seminarda ikkita ilmiy muassasa doktorantlariga taqdimot qilish uchun imkoniyat beriladi. Milliy markaz tizimidagi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Sunnatillo Nortojiyev ham ushbu imkoniyatdan unumli foydalanib, Zoom platformasi orqali o‘zining “Bug‘doy seleksiyasi uchun turlararo duragaylash asosida global iqlim o‘zgarishi sharoitlarida qimmatli manbalar yaratish» mavzusida olib borayotgan ilmiy izlanishi natijalari xususida ekspertlarga ma’lumot berib, o‘zining yutuq va kamchiliklarini aniqlab oldi.

Doktorantning ma’lum qilishicha, ushbu ilmiy izlanish Qashqadaryo viloyati misolida olib borilmoqda. – Ma’lumki, global iqlim o‘zgarishi sharoitida mavjud bug‘doy navlari ko‘p hollarda issiqlik va qurg‘oqchilikka dosh bera olmayapti. Shu bois yangi, chidamli navlarni yaratish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli o‘z izlanishlarimda ustozlarim bilan ko‘p yillik bug‘doy genotiplari bilan bir yillik yumshoq bug‘doy navlari orasiда turlararo duragaylash o‘tkazdik, 20 ta yangi duragay avlodlarini oldik, ular orasida qurg‘oqchilik va issiqqa chidamli, ertapishar va yuqori hosildor genotiplarni tanlab olishga erishdik, – deydi u o‘z ma’ruzasida.

Mavzu dolzarb, qo‘lga kiritilgan natijalar ham bor. Lekin shu bilan birgalikda «pishitish» lozim bo‘lgan jihatlar ham. Ekspertlar ana shu omillarga to‘xtaldi. Har bir tahliliy ma’lumot ustida chuqur tahlil, hattoki, bahs va munozaralar bo‘ldi. Taqdimotning muhokama qismida yosh olim ham o‘zi uchun zarur saboq olib, aniq yo‘naliglarni belgilab olgan bo‘lsa ajab emas.

Прокрутить вверх