Chopiq traktorlari konstruksiyasida yangi yondashuv — yuqori samaradorlik sari qadam

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida «Doktorantlar kuni» doirasida navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti III-bosqich tayanch-doktoranti S. Abdullayev “To‘rt g‘ildirakli chopiq traktori uchun agrotexnik tirqishi rostlanadigan oldingi ko‘prikning konstruksiyasi va parametrlari asoslash” mavzusidagi ilmiy tadqiqoti natijalarini taqdim etdi.

Tadqiqotda yuqori bo‘yli o‘simliklar qatorida ishlov berish, parvarishlash va transport ishlarini amalga oshirishda to‘rt g‘ildirakli universal-chopiq traktorlarining buriluvchanligi hamda o‘tuvchanligini oshirish orqali samaradorlikni ta’minlash masalalari o‘rganilgan.

S. Abdullayev tomonidan ishlab chiqilgan va seminar davomida namoyish etilgan agrotexnik tirqishni 650–850 mm oralig‘ida erkin o‘zgartirish imkonini beradigan oldingi ko‘prik konstruksiyasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Seminar ishtirokchilari tadqiqotning dolzarbligi va yangiligi xususida taqdimotchidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldilar.

Taqdimotchi S. Abdullayevning ta’kidlashicha, ushbu yondashuv bir qator ustunliklarga ega:

Yangi tuzilmaga ega traktorlar g‘o‘za yetishtirish jarayonida manёvrchanlikni oshiradi, turg‘unlikni kamaytiradi va tuproqqa bo‘lgan salbiy ta’sirni sezilarli darajada pasaytiradi;

Agrotexnik tirqishning 810±10 mm darajasida saqlanishi o‘simliklarga shikast yetkazmasdan, ular orasida samarali ishlov berish imkonini yaratadi;

Tajribadagi yangi konstruktsiyali traktor 3,95 metrlik burilish radiusi bilan yuqori samara ko‘rsatgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich amaldagi «Belarus 80X.1» traktoriga (4,7 m) nisbatan ancha yaxshilangan hisoblanadi.

Ushbu tadqiqot natijalari asosida S. Abdullayev tomonidan bir qator ilmiy maqolalar chop etilgan, ishlanma esa IAP-20230191 raqamli ixtiro sifatida Intellektual mulk agentligi tomonidan rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

blank
blank
blank
Прокрутить вверх