
Milliy markaz tizimidagi Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida oliy ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kursining “Agrokimyo va tuproqshunoslik” yo‘nalishi bo‘yicha bitiruv malakaviy ishlari himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur jarayon oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ilmiy-nazariy bilimlarini mustahkamlash hamda zamonaviy agrotexnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni ta’lim jarayoniga keng joriy etish borasidagi ishlarning muhim bosqichi bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Tadbirni Qishloq xo‘jaligi vazirligining Malaka oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Kamoliddin Sultonov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Unda malaka oshirish kurslarining oliy ta’lim tizimidagi ahamiyati, pedagog kadrlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, agrar sohada zamonaviy bilim va tajribalarni ommalashtirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida yuz berayotgan yangilanishlar, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasining tobora kuchayib borayotgani pedagoglardan o‘z bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda yangilab borishni talab etishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng institut direktori Rustam Nizomov so‘zga chiqib, mamlakatimizda agrar ta’lim tizimini takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning malakasini oshirish, ularni zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlash muhim vazifalardan biri ekanini qayd etdi.
Xususan, agrokimyo va tuproqshunoslik yo‘nalishlarida chuqur nazariy bilim, amaliy tajriba va zamonaviy ilmiy yondashuvlarning uyg‘unligi muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish, mineral va organik o‘g‘itlarni ilmiy asoslangan me’yorlarda qo‘llash hamda tuproqning agrokimyoviy xususiyatlarini chuqur o‘rganish bugungi agrar sohaning dolzarb vazifalaridan ekani qayd etildi.





Manba: Telegram kanali



