


Toshkent shahrida Qishloq ayollari xalqaro kuni munosabati bilan qishloq xo‘jaligida gender tengligi masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvda davlat idoralari, fuqarolik jamiyati, ilmiy muassasalar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etib, qishloq ayollarining iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirish masalalarini muhokama qilishdi.
Tadbir davomida FAO mutaxassislari yangilangan “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarida gender holatini baholash” (CGA) hisobotining asosiy xulosalarini taqdim etdi. Unda qishloq sektoridagi gender tafovutlari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar aks etgan.


FAO xalqaro konsultanti Elizabet Duban o‘z taqdimotida qishloq ayollarining resurslarga kirish imkoniyatlari, qaror qabul qilishdagi ishtiroki va iqlim o‘zgarishining ularning hayotiga ta’siri haqida ma’lumot berdi.
Tadbir ishtirokchilari qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida teng huquqli ishtirokini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashishdi.

Davra suhbati yakunida davlat idoralari, xalqaro hamkorlar va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash hamda hisobotda keltirilgan tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.