
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Qozog‘iston Respublikasining Krasnovodopad qishloq xo‘jaligi ilmiy-tajriba stansiyasi o‘rtasida ilmiy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Hamkorlikning asosiy maqsadi — qurg‘oqchil mintaqalarda ilmiy izlanishlarni kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashish va innovatsion ishlanmalarni tatbiq etishdan iborat.
Shu munosabat bilan tomonlar o’rtasida memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, hamkorlikda lalmi mintaqalarda boshoqli, dukkakli don, yem-xashak va moyli ekinlarning yangi nav namunalari sinovdan o‘tkaziladi, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar amalga oshiriladi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishlarida ishlar olib boriladi.
Shuningdek, Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Krasnovodopad qishloq xo‘jaligi ilmiy-tajriba stansiyasi tomonidan yaratilgan navlarni ikki davlatning nam va yarim nam hududlarida ekologik nav sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga ham erishildi.

