

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazida tizimga qarashli ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ilmiy-tajriba stansiyalari rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Markaz rahbari Shodmon Namozov kirish so‘zi bilan ochib, kun tartibiga kiritilgan dolzarb masalalar yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi. U o‘z nutqida yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tishi, sababi tizimdagi ishlar qoniqarli emasligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda ilmiy muassasalar va ilmiy-tajriba stansiyalarining olti oylik faoliyati batafsil ko‘rib chiqildi. Hisobotlarda ayrim ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishda sustkashlik kuzatilgani, ilmiy loyihalarning amaliy samarasi to‘liq namoyon bo‘lmagani, ayrim stansiyalarda dala tajribalari oqsagani qayd etildi. Shuningdek, fundamental loyihalar bilan deyarli shug‘ullanilmayotgani ham keskin tanqid qilindi.






Majlisda Markaz direktori o‘rinbosari Oybek Omonov mahalliy va xalqaro nashrlarda ilmiy maqolalar chop etish masalasiga alohida to‘xtaldi. – Web of Science va Scopus xalqaro bazalarida indeksatsiya qilinadigan jurnallarda ilmiy maqola chop etilmasligi – bu tadqiqotlarning mavjud emasligidan dalolat beradi. Bu boradagi ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish zarur, – deya tanqidiy fikr bildirdi.
Shodmon Namozov esa yig‘ilish yakunida ilmiy muassasalarda natijadorlikni oshirish masalasiga alohida urg‘u berdi. – Endilikda har bir laboratoriyaning natijadorligi tahlil qilinib, natijasiga qarab aniq choralar ko‘riladi. Bundan tashqari, ilmiy tajriba stansiyalaridagi ilmiy darajali kadrlar masalasi ham alohida ko’rib chiqiladi, – dedi u.
Shuningdek, barcha institut va stansiyalar kesimida ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish, xo‘jaliklarga amaliy yordamni kuchaytirish, ilmiy loyihalarda raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash topshirildi.
Yig‘ilish yakunida rahbarlarga belgilangan vazifalarni qisqa muddatda bajarish, natijadorlikni oshirish va tizimda samarali faoliyatni yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Shodmon Namozov ilmiy muassasalar oldida turgan eng asosiy maqsad – qishloq xo‘jaligini zamonaviy bilim va innovatsiyalar asosida rivojlantirish ekanini yana bir bor urg‘uladi.





