

Bugun Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shodmon Namozov boshchiligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda institut faxriylari, seleksioner olimlar, doktorantlar hamda ilmiy xodimlar ishtirok etib, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ilmiy-innovatsion ishlanmalar, yaratilgan yangi navlar, shuningdek, yosh kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligi atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida institutda samarali faoliyat olib borgan direktor Diyor Juraev Qishloq xo‘jaligi vazirligining tegishli buyrug‘i asosida Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimiga tayinlangani ma’lum qilindi.
Uning o‘rniga, shu paytgacha Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Bunyod Mamaraximov Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining yangi direktori sifatida jamoaga tanishtirildi.
Yig‘ilish yakunida markaz direktori Shodmon Namozov so‘zga chiqib, yangi rahbarlarni samimiy qutladi va ularga kelgusidagi ilmiy faoliyatida ulkan yutuqlar tiladi.









