

Janubiy Koreya moliyaviy ko‘magida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida amalga oshirilgan loyiha doirasida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida zamonaviy “aqlli” issiqxona kompleksi barpo etildi.
Yangi issiqxona kompleksini foydalanishga topshirish munosabati bilan taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda BMTning FAO tashkiloti vakillari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbarlari, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari boshqarma va bo‘lim rahbarlari, fermerlar hamda shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdilar.
Mazkur “aqlli” issiqxona kompleksi ilmiy-tadqiqot faoliyatini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish, sabzavot va poliz ekinlari, kartoshkachilikda samarali agrotexnologiyalarni sinovdan o‘tkazish hamda ularni amaliyotga joriy etishda muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi. Kompleks orqali hosildorlikni oshirish, suv va resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish, shuningdek, ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarni keng yoyish imkoniyati yaratiladi.
Tadbir ishtirokchilari yangi issiqxonani qishloq xo‘jaligida “aqlli texnologiyalar”ni keng joriy etish, kelajak avlod uchun barqaror oziq-ovqat ta’minotini yaratishda muhim qadam sifatida baholadilar.





