So‘nggi yillarda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi noan’anaviy ekin turlari bilan boyib bormoqda. Endi guar o’simligi ham ana shunday ekin turlari orasidan joy oldi. Boisi, ikki yildan buyon ushbu o‘simlik ustida olimlarimiz tadqiqot o‘tkazmoqda.Tadqiqot Milliy markaz tizimidagi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan olib borilmoqda. Bugun Milliy markazda bo‘lib o‘tgan «Drayver ilmiy loyihalar» mavzusidagi davra suhbatida dastlabki natijalar taqdimot qilindi.
Taqdimot ilmiy muassasa laboratoriya mudiri Hamidulla Hasanov tomonidan amalga oshirildi. U o‘z ma’ruzasida ishtirokchilarni guar o‘simligining biologik xususiyatlari va qimmatli xo‘jalik jihatlari, iqlimga moslashuvchanligi hamda tadqiqot davomida olingan natijalar tahlili bilan tanishtirdi.
Davra suhbati ishtirokchilari ushbu o‘simlik ustida olib borilayotgan tadqiqot dolzarb ekanligini, natija ijobiy bo‘lganda ushbu o‘simlikdan olinadigan mahsulotlar mamlakat eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar. Shu bois tadqiqotni takomillashtirish lozimligi bildirildi.


