Doktorantlarning ilmiy ishlari muhokama qilindi

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida “Doktorantlar kuni” doirasida navbatdagi ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir yosh tadqiqotchilarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning izlanish natijalarini muhokama qilish va mutaxassislar bilan ochiq muloqotni ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Seminarda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti doktorantlari ishtirok etdi.

Tadbirda ikki nafar doktorant o‘z ilmiy ishlari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi. Taqdimotlar davomida ilmiy g‘oyalar, metodik yondashuvlar va amaliy natijalar yuzasidan fikr almashildi, tahlil va mulohazalar bildirildi.

Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Azamxon Ma’rufxonov “Introduksiya qilingan sellyuloza parchalovchi qo‘ziqorinlarni O‘zbekiston sharoitida yetishtirish texnologiyasi” mavzusida taqdimot qildi. U o‘z ilmiy ishida paxta sheluxasi va chanog‘ida qo‘ziqorin yetishtirish bo‘yicha olib borilgan tajribalarni, ularning ekologik va iqtisodiy samaradorligini yoritdi.

Ishtirokchilar mazkur tadqiqotni dolzarb va istiqbolli deb baholagan bo‘lsalar-da, unda bir qator ilmiy va uslubiy kamchiliklar mavjudligini ta’kidladilar. Xususan, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, ekspert G‘afurjon Parpiev tomonidan ilmiy til me’yorlariga to‘liq rioya qilinmagani, tahlillar va jadvallarning yetarli darajada taqdim etilmagani, ilmiy yangilikning aniq belgilab berilmagani qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bo‘lim boshlig‘i Shahnoza Ergasheva esa ilmiy ishda uslubiy, grammatik va stilistik xatoliklar mavjudligini bildirdi va dissertatsiyani takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.

Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Umidjon Usmonov “Lalmikor tuproqlarning agrofizikaviy xossalarini siderat ekinlarni navbatlab ekish orqali yaxshilash” mavzusidagi ilmiy ishini Zoom platformasi orqali taqdim etdi. Uning tadqiqotida jadval va raqamli tahlillar keng yoritilgan bo‘lsa-da, nazariy asoslarning zaifligi mutaxassislar tomonidan e’tirof etildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan har ikki doktorantga ilmiy ishlarini takomillashtirish bo‘yicha quyidagi aniq tavsiyalar berildi:
– Ilmiy til va uslub me’yorlariga rioya qilish;
– Tahlil va xulosalarni chuqurlashtirish;
– Nazariy va metodologik asoslarni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

“Doktorantlar kuni” doirasidagi ushbu ochiq muloqot — yosh tadqiqotchilar uchun tanqidiy fikrlash, tahliliy mulohazalarni tinglash va ilmiy qarashlarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi

Прокрутить вверх