Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi hamkorligida har hafta an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Siyosiy-ma’rifat soati” faoliyat samaradorligini oshirish, yurtimizdagi islohotlar mazmun-mohiyatini chuqur anglash va keng jamoatchilikka yetkazishda muhim o‘rin tutayotgan tadbirlardan biridir.
Navbatdagi ma’rifiy soat ham Markaz jamoasi uchun mazmunli o‘tdi. Unda mamlakatimizda nishonlangan “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan tayyorlangan videorolik namoyish etildi. Ushbu videorolik orqali yurtimizda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va do‘stona munosabatlarning yanada mustahkamlanayotgani, turli xalq va millat vakillari o‘rtasidagi hamjihatlik muhiti hayotimizning ajralmas qismiga aylangani yaqqol namoyon bo‘ldi.
Soat davomida shuningdek, joriy kunning dolzarb mavzulari, mamlakatimizda va xalqaro maydonda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy voqealar, turli sohalardagi o‘zgarish va yangilanishlar haqida ham atroflicha ma’lumotlar berildi. Bu esa xodimlarning siyosiy savodxonligi, voqelikni xolis baholash qobiliyati hamda fuqarolik mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida “Siyosiy-ma’rifat soati” muntazam va tizimli tashkil etilishi — xodimlarning kasbiy va ma’naviy yetukligi, ijtimoiy faolligi hamda ijobiy islohotlarga nisbatan ongli munosabati shakllanishiga keng yo‘l ochmoqda.
Bu kabi tadbirlar faqatgina axborot berish yoki ma’ruza tinglash emas, balki har bir fuqaro uchun zamon ruhini anglash, yurtimizda kechayotgan ulkan o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usini his etish imkonini berayotgani bilan ahamiyatlidir.



