Navoiy viloyatida xorijiy navlardagi ko‘sak qurti va gerbitsidga chidamlilik belgilarini mahalliy navlarga o‘tkazish bo‘yicha ilmiy ishlar olib borilmoqda

Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining Navoiy ilmiy-tajriba stansiyasida hosildor, turli kasallik va zararkunandalarga chidamli, iqlimga moslashgan yangi gʻoʻza navlarini yaratishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar izchil davom etmoqda.

Asosiy yo‘nalish – XinluZo-52 navini mahalliy navlar bilan duragaylash
Tadqiqotlarda asosiy e’tibor Xitoy seleksiyasiga mansub XinluZao-52 navini mahalliy gʻoʻza navlari bilan chatish­tirish va bekkross (qayta chatish­tirish) orqali foydali genlarni o‘zlashtirishga qaratilgan.

Ushbu nav ikkinchi avlod transgen gʻoʻza bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ko‘sak qurtiga va begona o‘tlarga qarshi qo’llaniladigan gerbitsidga genetik bardoshlilikka ega. Bu esa intensiv agrotexnologiyalarga asoslangan yetishtirish tizimi uchun juda muhim hisoblanadi.

Duragaylash va bekkross ishlari
📅 2024 yilda XinluZao-52 navi mahalliy gʻoʻza navlari bilan chatish­tirilib, F1 avlodlar olingan.

📅 2025 yil 26 iyundan boshlab ushbu F1 avlodlarda bekkross-2 chatishtirish ishlari olib borilmoqda.

📊 2443 ta gulda 11 ta mahalliy nav bilan bekkross amalga oshirilgan.
📊 Qo‘shimcha ravishda 5 ta mahalliy nav bilan 1108 ta gulda changlatish ishlari olib borilgan.

Ushbu tadqiqotlarning asosiy maqsadi — mahalliy iqlim va agrotexnik sharoitlarga to‘liq mos, bir vaqtning o‘zida yuqori hosildor,
suv tanqisligi va garmselga bardoshli, ko‘sak qurti va kasalliklarga, gerbitsidga chidamli va tola sifati yuqori bo‘lgan yangi gʻoʻza navlarini yaratishdir.

Olib borilayotgan seleksion tadqiqotlar natijasida shakllantirilayotgan boshlang‘ich materiallar kelgusida O‘zbekiston paxtachiligida yuqori genetik salohiyatga ega navlarni yaratishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Прокрутить вверх