“Biz bu yerda biznes emas, ishonch qurmoqdamiz” — dedi koreyalik hamkor

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Janubiy Koreyaning qishloq xo‘jaligi sohasidagi yetakchi tashkilotlari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov ochib berdi.

U o‘z so‘zida KOAMI, KRC, EPIS, KIAT, KOICA kabi Koreyaning nufuzli agentlik va korporatsiyalari vakillari bilan uchrashuvdan mamnunligini bildirib, Koreya bilan amalga oshirilayotgan “Smart Farm” loyihalari nafaqat texnik yordam, balki bilim va innovatsiya almashinuvi, sohaning ilmiy kelajagini shakllantirish hamda O‘zbekistonni mintaqaviy yetakchiga aylantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Seminarda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, Koreya bilan amalga oshirilayotgan qator tashabbuslar — bilim almashuvi, kadrlar tayyorlash va ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etishda muhim poydevor bo‘lmoqda.

Jumladan, hozirda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar qatorida:

🔷KRC va DICA hamkorligidagi 3,7 mln dollarlik “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilikda ilg‘or texnologiyalar o‘quv markazini tashkil etish”;

🔷 KOAMI, KIAT, CAMTIC va Agro Solution Korea ishtirokidagi 14 mln dollarlik “Aqlli qishloq xo‘jaligi sanoat texnologiyalari innovatsion markazi”;

🔷 EPIS agentligining 3,7 mln dollarlik “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ko‘chatlar yetishtirish markazi” loyihasi bor.

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori, akademik Shodmon Namozov loyihalar klasterlashgan yondashuvga asoslanganini ta’kidladi. Bu esa agro-ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarishni uyg‘unlashtirgan holda “aqlli” fermerlikni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.

Markaz direktori o‘rinbosari Bunyod Mamarahimov esa bunday hamkorlikning asosiy maqsadi fermerlarimizni zamon talabiga mos yechimlar bilan ta’minlash ekanini ta’kidladi.

Seminar yakunida Agro Solution Korea kompaniyasi vakili Kim Jon Xo so‘zga chiqib, Janubiy Koreyaning tajribasi, O‘zbekistondagi agrar islohotlarga munosabati va kelgusidagi rejalar haqida to‘xtaldi.

— Biz bu yerda biznes emas, ishonch qurmoqdamiz. O‘zbekiston agrar sohasi — kelajagi katta, barqaror rivojlanish salohiyatiga ega sohadir, — dedi u.

Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi agrar hamkorlik loyihalari ortida faqat moliya yoki texnologiya emas — ishonch, bilim va kelajakka qaratilgan yaqin munosabat turibdi.

blank
blank
blank
Прокрутить вверх