O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy hamkorlik yangi bosqichga chiqdi

Avval xabar berganimizdek (https://t.me/AKIS_milliy_markaz/11216), bugun Toshkent davlat agrar universitetida “Xitoy–Markaziy Osiyo fan va texnologiyalari: Biologik xavfsizlik hamda qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish” forumi bo‘lib o‘tyapti. Forum doirasida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda Xitoy Xalq Respublikasining Шинжон Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur memorandum tomonlar o‘rtasidagi mavjud hamkorlikni institutsional asosda mustahkamlash, sohadagi ilmiy-texnik ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish va ularning natijalarini ishlab chiqarish amaliyotiga joriy etishni nazarda tutadi. Shuningdek, ushbu kelishuv doirasida qishloq xo‘jaligi ekinlarini seleksiya qilish va yuqori hosildor navlar yaratish, urug‘chilikni rivojlantirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, mahsulot sifatini baholash va qayta ishlash, axborot texnologiyalarini agrar sohada keng qo‘llash hamda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Tomonlar ilmiy-tadqiqot muassasalari va mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro tashriflar uyushtirish, qo‘shma tadqiqot ishlarini olib borish, xalqaro seminarlar va konferensiyalar tashkil etish, axborot va nashrlar bilan almashish, shuningdek, boshqa hamkorlarni jalb qilgan holda amaliy loyihalarni amalga oshirish yo‘li bilan hamkorlikni amaliy mazmunda ro‘yobga chiqaradi.

Ushbu hujjat O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, fan va innovatsiyani integratsiyalashtirish orqali agrosanoat salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

blank
blank
blank
Прокрутить вверх