O‘zbekistonda yirik mevali qovoq yetishtirishda AQSH tajribasi

Shu kunlarda O‘zbekistonda xizmat safari bilan bo‘lib turgan AQShning Janubiy Illinoys universiteti professori doktor Alan Uolters Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida taqdimot o‘tkazdi.

Taqdimotda O‘zbekistonda yirik mevali qovoq yetishtirish madaniyati va agrotexnologiyasi, iqlim sharoitiga mos navlarni tanlash, tuproq va suv rejimi, urug‘ ekish masofalari hamda samarali agrotexnik tadbirlarni qo‘llash masalalari muhokama qilindi. Professor Uolters o‘z ma’ruzasida Big Max, Atlantic Giant va Mammoth Gold kabi katta hajmli navlarni O‘zbekiston sharoitida yetishtirish imkoniyatlarini alohida ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, joriy yil 26-aprel kuni ushbu navlarga mansub 350 kilogramm ozuqabop qovoq urug‘lari Italiyadan olib kelingan. Ularning yetishtirilishi Jahon bankining “Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Professor Uolters tavsiyasiga asosan, 10-may kuni ushbu urug‘lar Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga qarashli 27 ta ilmiy-tadqiqot stansiyasining jami 40 gektarlik maydoniga ekildi.

Taqdimot yakunida doktor Alan Uolters va tadbir ishtirokchilari o‘rtasida faol savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Savollar, asosan, yirik qovoq navlarini mahalliy sharoitga moslashtirish, tuproq tahlili va suv ta’minotidagi muammolar hamda seleksiyaning istiqbolli yo‘nalishlariga qaratildi.

blank
blank
blank
Прокрутить вверх