Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida dala ko‘rigi bo‘lib o‘tdi

Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida dala ko‘rigi tashkil etildi. Tadbirda institut olimlari, tajriba xo‘jaliklari rahbarlari hamda sohaga aloqador mutaxassislar ishtirok etdilar.

Ko‘rik davomida institutda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, laboratoriyalar faoliyati, shuningdek, yangi yaratilgan va istiqbolli bo‘lgan sholi, soya hamda mosh navlari, seleksiya yo‘nalishidagi yondashuvlar va ilg‘or agrotexnologiyalar taqdim etildi.

Ishtirokchilarga, qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va boshqa stress omillariga chidamli navlarni yaratish, hosildorlikni oshirishga xizmat qiluvchi texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Institut direktori Abdullo Mansurov dala ko‘rigining ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, shunday dedi:

— Dala ko‘rigi — bu ilmiy izlanishlarimiz natijalarini amaliyotga yaqinlashtirish, tajribaviy ishlanmalarni bevosita dalada namoyish etish imkoniyatidir. Bugungi tadbirda taqdim etilgan navlar va agrotexnologiyalar institutimiz ilmiy jamoasining ko‘p yillik mehnati samarasidir.
O‘ylaymanki, bu kabi uchrashuvlar orqali ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik mustahkamlanadi va sholikorlik sohasining rivojiga munosib hissa qo‘shamiz. Kelgusida ham bu yo‘nalishda izchil faoliyatni davom ettiramiz.

Tadbir ishtirokchilari dala sharoitida sinovdan o‘tkazilayotgan navlar bilan yaqindan tanishib, ularning agrobiologik xususiyatlari, mahalliy iqlim va tuproq sharoitiga moslashuv darajasi yuzasidan tajriba almashdilar.

Ko‘rik yakunida bildirgan fikr-mulohaza va takliflar institut ilmiy faoliyatini yanada takomillashtirishda muhim asos bo‘lishi ta’kidlandi.

blank
blank
Прокрутить вверх