Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida an’anaviy tarzda «Doktorantlar kuni» bo‘lib o‘tdi. Unda tizimdagi Sholichilik va Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutlarining doktorantlari ishtirok etdi.
Ochig‘i, har ikkala tolibi ilm ham agrar soha ilmida yangilik qilishni, tadqiqoti natijasida dehqonning daromadi oshishini niyat qilgan. Ular bu yo‘lda tinimsiz izlanmoqdalar. Qo‘lga ilinadigan, ko‘zga ko‘rinadigan natijalar ham bor. Hali oldinda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, tahlillar ham bisyor. Boisi, ilmiy ishni himoya qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi.
Milliy markazda bo‘lib o‘tadigan «Doktorantlar kuni» doirasidagi seminarlar esa yosh olimlarning ilmiy izlanishlardagi kamchiliklarni tuzatish, maromiga yetkazishda ta’bir joiz bo‘lsa, poligon vazifasini bajarmoqda. Bugungi seminar ham juda qiziq, bahs va munozaralarga boy bo‘ldi.
Dastlab Sholichilik ilmiy tadqiqot institutining 3-bosqich doktoranti Baxtiyor Qalandarov o‘zining “Stress omillarga chidamli va yuqori hosil beradigan sholi navlarini yaratish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiya ishini taqdimot qildi.
U tadqiqotida mahalliy va xorijiy genofond namunalari asosida tuproq-iqlim sharoitiga mos, abiotik omillarga chidamli, hosildor va sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan yangi sholi navlarini yaratish maqsadini olgan. Taqdimotdagi ma’lumotlarga ko‘ra, tadqiqot bosqichma-bosqich amalga oshirilgan: nav-namunalar morfologik va fiziologik jihatdan o‘rganilgan, donorlar tanlab olingan, seleksiya bosqichlarida duragaylar baholangan, yangi tizmalar saralangan.
Ikkinchi ishtirokchi — Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining 3-bosqich doktoranti Mirsharof O‘raqiov bo‘ldi. Uning tadqiqoti «Lalmikorlikning nam bilan yarim ta’minlangan mintaqasida maxsar hosildorligiga ekish muddati va me’yorlarining ta’siri» mavzusiga bag‘ishlangan.
Maqsad — nam yetishmaydigan lalmikor hududlarda maxsar yetishtirishning samarali texnologiyasini ishlab chiqish. U fenologik fazalarda namdan foydalanish, begona o‘tlar va kasalliklar ta’siri, moy chiqish ko‘rsatkichlari hamda iqtisodiy samaradorlikni tahlil qilganini ma’lum qildi.
Ishtirokchilar va ekspertlar har ikki doktorantning taqdimotini diqqat bilan tinglashdi. Bir qarashda hammasi joyida — ilmda katta kashfiyot qilingandek tasavvur uyg‘otadi. Ammo ilm mashaqqatini chekkan, zehniyati yuksalgan ustoz olimlar, boshqalar ilg‘amaydigan nuqsonlarni taqdimot paytidayoq qalamga olib, muhokama chog‘ida tahlil qiladi



