YANSHI GROUP kompaniyasi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiya kiritmoqchi

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Xitoyning YANSHI GROUP kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar hamda turli jabhalarda yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorliklar alohida qayd etildi.

Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida, xususan soha ilmini rivojlantirishda amalga oshirilayotgan loyihalarning ijobiy samaralari ta’kidlandi.

Delegatsiya rahbari, YANSHI GROUP kompaniyasi bosh direktori janob Yan Syu bir necha yildan buyon o‘zbekistonlik olimlar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilayotganini bildirib, endi ushbu munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish, soha­ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish va ilmiy-amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida aniq takliflarni o‘rtaga tashladi.

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori, akademik Shodmon Namozov ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. U sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda markaz to‘liq ko‘maklashishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Markaz direktori o‘rinbosari Bunyod Mamaraximov O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi «Ahmad Yassaviy» MFY hududida tashkil etilgan “Qishloq xo‘jaligida yuqori texnologiyalar agrotexnoparki” maxsus sanoat zonasida qo‘shma tadqiqot bazasini tashkil etish taklifini bildirdi. Ushbu taklif mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Uchrashuvda g‘o‘zaning yangi navlarini yaratish va mahalliy iqlimga moslashtirish, ilmiy-tadqiqotlarni qo‘shma tarzda olib borish, mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi. Shuningdek, Markaz tizimidagi elita urug’chilik xo’jaliklariga investitsiya kiritish, sexlarni modernizatsiya qilish orqali sifatli urug’lik tayyorlab, nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirish, balki eksport qilish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, janob Yan Syu hamkorlik doirasida joriy yilning oktyabr oyida ilmiy laboratoriyalar uchun zamonaviy jihozlar taqdim etishni rejalashtirganligini ta’kidlab, o‘z kompaniyasida O‘zbekistonda agrar soha ilmini hamkorlikda rivojlantirish maqsadida fond tashkil qilayotganini va ushbu fond orqali har yili O‘zbekiston agrar sohasi ilmida eng dolzarb mavzularda ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh tadqiqotchilarga 100 ming dollar grant ajratishni maqsad qilganini ma’lum qildi.

Tomonlar qator kelishuvlarga erishib, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.

blank
blank
blank

Прокрутить вверх